AQSh noqonuniy migratsiyaga qarshi harbiy choralarni kuchaytirdi
AQSh Meksika bilan chegara bo‘yicha “harbiy zona” e’lon qildi.

Qo‘shma Shtatlar hukumati Meksika bilan bo‘lgan janubiy chegarasida xavfsizlikni yanada mustahkamlash maqsadida 101 kilometr uzunlikdagi hududni “harbiy zona” deb e’lon qildi. Bu hududda joylashtirilgan taxminan 11,900 nafar harbiy xizmatchi endilikda noqonuniy migrantlar va chegarani buzgan shaxslarni qo‘lga olib, ularni chegara xizmatiga topshirish vakolatiga ega bo‘ladi.
Ma'lum qilinishicha, mart oyida AQSh-Meksika chegarasida noqonuniy yo‘llar bilan o‘tishga uringan migrantlar soni rekord darajada kamaygan. Bu harbiy choralar AQSh hukumati tomonidan chegara xavfsizligini oshirish, qonuniy migratsiya tartiblarini saqlash va inson kontrabandasining oldini olishga qaratilgan kengroq strategiyaning bir qismidir.
Ma’lumot o'rnida AQSh-Meksika chegarasi bo‘ylab o‘tuvchi noqonuniy migratsiya muammosi so‘nggi yillarda siyosiy bahslarning markazida turibdi. Mazkur harbiy choralar bu jarayonni nazorat qilishga qaratilgan bo‘lsa-da, u inson huquqlari faollari tomonidan tanqid qilinmoqda.







