Tramp NATO davlatlariga ultimatum berdi
AQSh Yevropa ittifoqchilaridan harbiy xarajatlarni keskin oshirishni talab qilmoqda.

Germaniya ommaviy axborot vositalari ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp, agar Yevropadagi ittifoqchi davlatlar mudofaa xarajatlarini keskin oshirishga rozilik bermasa, NATO'ning Gagada o‘tadigan sammitida ishtirok etmasligi bilan tahdid qildi.
Manbaga ko‘ra, AQShning NATO’dagi doimiy vakili Metyu Uitaker deyarli har bir uchrashuvda Yevropa davlatlaridan yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha bo‘lgan miqdorda mudofaa xarajatlari ajratishni so‘ramoqda. Bu esa alyans ichida keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
Avvalroq xabar qilinganidek, NATO bosh kotibi Mark Ryutte Gagada bo‘ladigan sammitda AQSh tomoniga ikki bosqichli reja taklif etmoqchi: unga ko‘ra, hozirgi 2 foizlik mudofaa xarajatlari bosqichma-bosqich 5 foizgacha oshirilishi kerak bo‘ladi. Agar AQSh bu taklifni qo‘llab-quvvatlasa, iyun oyi oxirida reja rasman tasdiqlanishi mumkin.
Bu tahdid Trampning NATOga bo‘lgan an’anaviy tanqidiy munosabatining davomi sifatida baholanmoqda. AQShning yetakchilik rolini saqlab qolishi Yevropa davlatlarining harbiy yuki bo‘yicha ko‘proq mas’uliyat olishiga bog‘lanayotgani, alyans ichidagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirishi mumkin.







