Tramp Xitoyga nisbatan boj to‘lovlarini kamaytirishini bildirdi
Tramp: “Xitoy bilan biznes qilish uchun bojlarni tushirish kerak”.

AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin kelajakda Xitoyga qo‘yilgan import tariflarini kamaytirishi mumkinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, agar bojlar pasaytirilmasa, AQSh va Xitoy o‘rtasida samarali biznes yuritish imkoni bo‘lmaydi.
Bu haqda Tramp NBC News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Bir nuqtada men tariflarni tushiraman. Chunki aks holda biz ular bilan biznes qila olmaymiz,” — dedi Tramp. U bunday qaror qachon qabul qilinishi mumkinligi haqida aniq vaqtni bildirmagan.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy AQSh bilan savdo aloqalarini davom ettirishga juda qiziqmoqda, chunki Xitoy iqtisodiyoti hozirda "juda yomon ahvolda".
Ma’lumot o‘rnida, 2-aprel kuni Tramp dunyoning 185 davlatidan import qilinadigan mahsulotlarga 10 foizlik universal boj joriy etilishini e’lon qilgan edi. Bu to‘lovlar 5-apreldan kuchga kirgan, individual tariflar esa 9-apreldan boshlab amal qila boshlagan.
Keyinchalik Tramp ayrim mamlakatlar bilan olib borilayotgan savdo muzokaralari sababli individual bojlarni 90 kunga to‘xtatib turishga qaror qilgan, ammo 10 foizlik universal boj kuchda qolmoqda.
Shuningdek, Tramp ma’muriyati Xitoy mahsulotlariga boj stavkalarini 125 foizgacha oshirgan. Natijada, AQShning Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga qo‘llanayotgan umumiy boj stavkasi hozirda 145 foizni tashkil qiladi. Bunga javoban Xitoy ham 12-apreldan boshlab AQSh mahsulotlariga nisbatan bojlarni 125 foizga oshirgan edi.








