AQSh muhojirlarga pul taklif qilmoqda
AQShdan o‘z ixtiyori bilan ketgan noqonuniy muhojirlarga pul to‘lanadi.

AQSh hukumati o‘z ixtiyori bilan mamlakatni tark etishga qaror qilgan noqonuniy muhojirlarga moliyaviy rag‘bat sifatida 1000 AQSh dollari miqdorida to‘lov taqdim etadi. Bu haqda AQSh Ichki xavfsizlik departamenti rasmiy bayonot berdi.
Tashabbus doirasida migrantlar bir necha bosqichdan o‘tishi kerak: avvalo maxsus “CBP Home” dasturida ro‘yxatdan o‘tish, keyin AQSh hududini tark etish va so‘ng mamlakatdan tashqarida ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish lozim. Jarayon to‘liq yakunlangach, ularga 1000 dollar miqdorida to‘lov beriladi.
Mazkur yangi yondashuv noqonuniy muhojirlarni mamlakatdan chiqishga undash orqali deportatsiya bilan bog‘liq xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirishga qaratilgan. Hozirda bir nafar muhojirni ushlash, hibsga olish va majburan deportatsiya qilish AQSh byudjetiga o‘rtacha 17 121 dollar tushmoqda. Rasmiylar ushbu loyiha bu xarajatlarni 70 foizgacha qisqartirishiga umid qilmoqda.







