BMT G‘azodagi gumanitar falokat haqida ogohlantirdi
BMT dunyo yetakchilarini G‘azoga zudlik bilan oziq-ovqat yetkazishga chorlamoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti G‘azo sektorida tobora kuchayib borayotgan gumanitar inqiroz sharoitida tinch aholiga oziq-ovqat yetkazib berishni ta’minlash uchun zudlik bilan harakat qilishga da’vat etdi. Tashkilotning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi bayonotida aytilishicha, insonparvarlik yordami blokadani olib tashlash bilanoq yetkazib berishga tayyor holatda kutmoqda.
"Bizda darhol tarqatishga tayyor bo‘lgan katta miqdorda oziq-ovqat zahirasi mavjud. Bu yordamning yetkazilishi uchun dunyo yetakchilari o‘z ta’siridan foydalanishi kerak. Hozir harakat qilish vaqti keldi", — deyiladi BMT bayonotida.
Boshqarma, shuningdek, Isroil tomonidan jangovar hududlar orqali tinch aholiga oziq-ovqat yetkazish rejalarini asosiy gumanitar tamoyillarga zid deb baholadi. Ular bunday yondashuv tinch aholini bevosita xavf ostiga qo‘yishini ta’kidlashmoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi to‘qqiz hafta davomida G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetib bormagan. Bunga sabab sifatida Isroilning to‘liq blokadasi va yordam yetkazish haqidagi murojaatlarning aksariyatiga rad javobi berilayotgani ko‘rsatilgan.







