Braziliya Rossiya–Ukraina urushida betaraf vositachi bo‘lishni taklif qildi
Lula hukumati mojaro yechimida faol rol o‘ynashga tayyor.

Braziliya hukumati Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda vositachilik qilishga tayyorligini bildirdi. Xabarlarga ko‘ra, bu taklif AQSh vositachilikdan chekinishi ehtimoli mavjud bo‘lgan sharoitda ilgari surilgan.
Braziliya rasmiylarining fikricha, ularning neytral siyosiy pozitsiyasi va ikki tomon bilan barqaror diplomatik aloqalari mavjud murosasizlikni yumshatishda muhim rol o‘ynashi mumkin. Rasmiylar Braziliyaning betarafligi va xalqaro maydonda nisbatan ishonchli vositachi sifatidagi obro‘siga tayanmoqda.
Mamlakat prezidenti Luiz Inasiu Lula da Silva urush boshlanganidan beri ko‘p marotaba mojaroning tinch yo‘l bilan hal qilinishi tarafdori ekanligini bildirgan. Braziliya, shuningdek, BMT doirasida ham bir necha bor harbiy harakatlar o‘rniga muzokaralarni ilgari surish zarurligini ta’kidlagan.







