Moskvadagi G‘alaba paradiga 29 davlat rahbari tashrif buyuradi
O‘zbekiston harbiylari ham Moskva paradida ishtirok etadi.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, 9-may kuni Moskvadagi Qizil maydonda bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradida 29 mamlakat yetakchisi ishtirok etishi kutilmoqda.
“Ko‘plab xorijiy mehmonlar taklif etilgan va hozircha 29 nafar davlat rahbarining qatnashishi rejalashtirilgan”, — dedi Ushakov.
Unga ko‘ra, ushbu tantanali tadbirda quyidagi davlatlarning rahbarlari qatnashadi: Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Abxaziya, Serb Respublikasi (Bosniya va Gersegovina tarkibida), Braziliya, Burkina-Faso, Venesuela, Vyetnam, Gvineya-Bisau, Misr, Zimbabve, Xitoy, Kongo, Kuba, Laos, Mo‘g‘uliston, Myanma, Falastin, Serbiya, Slovakiya, Ekvatorial Gvineya, Efiopiya va Janubiy Osetiya.
Shuningdek, Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, parad marosimida 13 davlat - Ozarbayjon, Vyetnam, Belarus, Misr, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Laos, Mo‘g‘uliston, Myanma, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning harbiy xizmatchilari ishtirok etadi.








