Tramp Kanadani AQSHga qo'shishni taklif qildi
“Kanada sotilmaydi!” – Mark Karni Trampga javob qaytardi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadaning bosh vaziri Mark Karniga uning mamlakatini Qo‘shma Shtatlar tarkibiga qo‘shishni taklif qildi. Trampning fikricha, bu Kanada fuqarolari uchun katta iqtisodiy va xavfsizlik afzalliklarini beradi.
"Bu taklif Kanadaliklar uchun soliq yukini kamaytiradi. Ular dunyodagi eng kuchli armiya, ilg‘or tibbiy xizmat va boshqa ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘ladi", – dedi Tramp Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.
Biroq bosh vazir Mark Karni bunday taklifga: “Kanada sotilmaydi!” – deya qat’iy javob qaytardi.
Karni shunday davom etdi: “Agar siz ko‘chmas mulk bozoridan xabardor bo‘lsangiz, bilasizki, ayrim hududlar hech qachon sotilmaydi. Men saylov kampaniyasi doirasida ko‘plab Kanada fuqarolari bilan uchrashdim. Ularning xohishi ravshan: biz mustaqilligimizni saqlaymiz. Ammo AQSh bilan hamkorlik uchun keng imkoniyatlar bor”.
U, shuningdek, Kanadaning AQShning mudofaa xarajatlarini oshirish taklifini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Tramp esa Kanadaning bu yo‘lda allaqachon choralar ko‘rayotganini bildirdi.







