AQSh shaharlari global xarid yetakchiligini mustahkamlamoqda
2040-yilgacha eng ko‘p xarajat qiluvchi shaharlar ro‘yxatida AQSh ustunlik qiladi.

World Data Lab'ning yangi tahlillariga ko‘ra, 2040-yilga borib eng ko‘p xarajat qiluvchi shaharlar ro‘yxatida AQSh yetakchilikni egallaydi. 2020-yilda ushbu ro‘yxatda AQShning beshta shahri bo‘lgan bo‘lsa, 2040-yilda ularga Dallas ham qo‘shilib, soni oltitaga yetishi prognoz qilinmoqda.
Dunyo miqyosida esa iqtisodiy xarid bozori xaritasi o‘zgarmoqda. Yaponiya asta-sekin ortga chekinayotgan bo‘lsa, Xitoy sekin-asta ilgari surilmoqda. Shunga qaramay, AQSh bu raqobatda nafaqat pozitsiyasini saqlab qolmoqda, balki kengaytirmoqda. Masalan, Xyuston 2000-yilda 14-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, 2040-yilda 12-o‘ringa chiqadi. Shuningdek, Vashington, Feniks va Sietl ham dunyodagi eng ko‘p sarf qiluvchi 20 shahar qatoriga kirishi kutilmoqda.
So‘nggi yillarda "Sun Belt" deb nom olgan — qulay iqlim va nisbatan arzon turmush tarziga ega AQSh janubidagi shaharlar tez sur’atda iqtisodiy jihatdan o‘sib, aholining e’tiborini tortmoqda.
Amerika iqtisodiyoti so‘nggi pandemiya, inflyatsiya va boshqa inqirozlarga qaramay, iste’mol darajasini yuqorida saqlab qolmoqda. AQSh aholisi, ayniqsa, boy qatlam vakillari, kreditlarga tayangan holda faolligini saqlab turibdi. Wall Street Journal'ga ko‘ra, bugungi kunda AQSh iste’mol bozori aynan yuqori daromad egalari hisobiga faol saqlanmoqda.
World Data Lab hisob-kitoblariga ko‘ra, 2040-yilgacha global darajadagi yangi sarf-xarajatlarning 83 foizi aynan shaharlarda ro‘y beradi. Eng ko‘p xarajat qiluvchi 100 shahar aholisi yiliga o‘rtacha 2.4 foizga oshsa, ularning umumiy xarajatlari 4.5 foizga o‘sadi. Bu esa yirik shaharlarning boylar uchun jozibador markaz sifatida qolishini anglatadi.







