Oltita Yevropa davlati Isroilga qarshi chiqdi
Ular G‘azodagi hududiy o‘zgarishlarga qarshi.

Islandiya, Irlandiya, Lyuksemburg, Norvegiya, Sloveniya va Ispaniya tashqi ishlar vazirlari birgalikda bayonot e’lon qilib, Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy operatsiyalarini kengaytirish rejalaridan chuqur xavotir bildirdi. Ular bu harakatlar yangi eskalatsiyani boshlashi va har qanday tinchlik yechimiga tahdid solishini aytib o‘tdi.
Vazirlar G‘azoda aholini majburiy ko‘chirish yoki hududiy o‘zgarishlar kiritish harakatlariga qat’iy qarshi ekanini ta’kidladi. Ular bunday ishlar xalqaro huquq buzilishi hisoblanishini va insonparvarlik yordami erkin yetib borishi zarurligini bildirishdi.
Bayonotda, shuningdek, Isroil ikki oydan beri G‘azoga oziq-ovqat, dori-darmon va yordam yuklarini to‘sib qo‘yayotgani keskin tanqid qilindi va blokadani darhol olib tashlashga chaqirildi. Vazirlar tomonlarni sulh va ikki davlat yechimiga qaytishga chaqirdi.







