Tramp Fors ko‘rfazini “Arab ko‘rfazi” deb atashni taklif qilmoqchi
U oldin Meksika ko‘rfazining nomini “Amerika ko‘rfazi” deb o'zgartirgan edi.

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining yaqinlashib kelayotgan Yaqin Sharq safari chog‘ida Fors ko‘rfazining nomini “Arab ko‘rfazi” deb o‘zgartirish taklifini ilgari surmoqchi. Associated Press xabariga ko‘ra, bu masala Trampning Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida rasmiy tarzda ko‘tarilishi kutilmoqda.
Bu Tramp tomonidan geosiyosiy motivatsiyaga ega bo‘lgan ilk tashabbus emas. 2025-yil boshida u Meksika ko‘rfazining nomini “Amerika ko‘rfazi” deb o‘zgartirish haqida farmon chiqargan edi. Biroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu borada izoh berib, xalqaro miqyosdagi geonomik nomlar faqat global institutlar va ko‘p tomonlama kelishuvlar asosida belgilanadi, deb ta’kidlagan edi.
Analitiklar Trampning bu taklifi ortida Saudiya Arabistoni va boshqa arab davlatlariga nisbatan siyosiy yaqinlikni mustahkamlash hamda Eronni bilvosita siquvga olish maqsadi yotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Fors ko‘rfazi nomi Eron tomonidan tarixiy va madaniy jihatdan muhim deb hisoblanadi, va bu taklif Tehron tomonidan keskin norozilik bilan kutib olinishi mumkin.
Oq Uy avvalroq Tramp 13–16-may kunlari Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyurishini e’lon qilgan edi. Uchrashuvlar davomida mintaqaviy xavfsizlik, savdo va energetika masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.








