Tramp Erdog‘andan Ukraina mojarosida vositachilik qilishni so‘radi
Hozircha ushbu taklifning javobi rasman oshkor etilmagan.

AQSh prezidenti Donald Tramp Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘andan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro bo‘yicha muzokaralarda vositachilik qilishni so‘ragan.
Turkiya prezident ma’muriyati ikki yetakchi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvni tasdiqlagan va u "samarali muzokaralar" deb baholangan. Ma’lum qilinishicha, Tramp Erdog‘anning Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan birdek muloqot o‘rnatish salohiyatini yuqori baholagan.
Erdog‘an hozirgacha bir necha bor Ukraina mojarosida o‘zini vositachi sifatida ko‘rsatgan, jumladan, Qora dengiz orqali don tashish bo‘yicha kelishuvda ham Turkiya muhim rol o‘ynagan edi.
Biroq hozircha Erdog‘an Trampning bu taklifiga qanday javob bergani rasman oshkor qilinmagan.







