Yevropaga Rossiya gazini qaytarish rejalashtirilmoqda
AQSh vositachiligida muzokaralar boshlandi.

Reuters agentligining xabariga ko‘ra, Vashington va Moskva vakillari Rossiya gazini Yevropa Ittifoqiga qayta eksport qilish masalasida norasmiy muzokaralar o‘tkazgan. Muloqotda AQSh vositachi sifatida ishtirok etayotgani va muzokaralar fonida “Shimoliy oqim–2” gaz quvuri orqali gaz yetkazib berishni tiklash g‘oyasi ko‘rib chiqilayotgani aytilmoqda.
Agentlik manbalariga ko‘ra, Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi Germaniya uchun yirik chegirmalar taklif qilishga tayyor va ilgari tuzilgan uzoq muddatli shartnomalardan farqli o‘laroq, qisqa — ikki yillik kontraktlar tuzishni ham istisno qilmayapti.
Garchi Yevropa davlatlari energiya manbalarini diversifikatsiya qilishga intilayotgan bo‘lsa-da, Yevropa sanoatining baʼzi vakillari, agar Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolansa, Rossiya gaziga qaytishga tayyorligini tan olmoqda.
Avvalroq Germaniyaning Bild nashri ham AQSh va Rossiya o‘rtasidagi mazkur muzokaralarning borayotganini, shuningdek, Vashingtonning ushbu jarayonda oraliq vositachi bo‘lishi mumkinligini xabar qilgan edi.







