Meksika Google’ni sudga berdi
Xaritada ko‘rfaz nomining o‘zgartirilishiga norozilik bildirildi.

Meksika hukumati Google kompaniyasiga qarshi sud da’vosi bilan chiqdi. Bunga sabab – Google Xaritalar xizmatida “Meksika ko‘rfazi” nomining “Amerika ko‘rfazi” deb o‘zgartirilgani bo‘ldi. Bu haqda mamlakat prezidenti Klaudiya Sheynbaum ma’lum qildi.
Sheynbaum bayonotiga ko‘ra, AQSh hukumati faqat o‘zining qit'a shelf hududiga nom berish huquqiga ega, ammo butun ko‘rfaz hududini o‘zgartirish vakolatiga ega emas.
"AQSh istasa, o‘z qismiga qanday nom bersa beradi. Ammo Meksikaga tegishli qismni o‘zgartirish hech qanday xalqaro huquqqa to‘g‘ri kelmaydi", – dedi u.
Ma’lumot uchun, AQSh prezidenti Donald Tramp inauguratsiyadan ko‘p o‘tmay, 2025-yil yanvar oyida Meksika ko‘rfazini rasmiy ravishda “Amerika ko‘rfazi” deb qayta nomlash haqidagi farmonni imzolagan edi.







