Germaniya noqonuniy migrantlarning 78 foizini deportatsiya qildi
Migrantlar soxta hujjatlar bilan davlatga kirmoqchi bo'lgan.
7-maydan boshlab Germaniya Ichki ishlar vazirligi chegaradagi nazoratni kuchaytirdi. Keyingi ikki kun davomida federal politsiya 365 nafar noqonuniy migrantni qo‘lga oldi, ularning 286 nafari yoki 78,3 foizi mamlakatdan chiqarib yuborildi.
Ko‘plab holatlarda viza yo‘qligi, soxta hujjatlar yoki ilgari berilgan kirish taqiqlari migrantlarga Germaniyaga kirishga to‘sqinlik qilmoqda. Xabarlarga ko'ra, har kuni taxminan 200 nafar migrant Germaniya chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga harakat qiladi. Bu raqam avvallari 120 nafar atrofida edi.
Ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrindt tomonidan e’lon qilingan yangi qoidalarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan kelgan boshpana so‘rovchilarga chegaraning o‘zidayoq kirish rad etilishi mumkin. Faqat bolalar va homilador ayollar kabi muayyan toifalarga istisnolar qo‘llaniladi.







