Kurdiston ishchilar partiyasi o‘zini tarqatib yubordi
U 1978 yilda tashkil etilgan edi.

Kurdlarga aloqador Rudaw telekanalining xabariga ko‘ra, Kurdiston Ishchilar Partiyasi (KIP) o‘zining 5–7 may kunlari o‘tgan 12-qurultoyida tashkilot faoliyatini tugatish, qurolli kurashni to‘xtatish va avvalgi nom ostida ishlashni yakunlash qarorini qabul qildi.
Bayonotda aytilishicha, KIP kurashlari “kurd xalqiga qarshi qaratilgan yo‘q qilish siyosatini to‘xtatdi” hamda kurd masalasini demokratik yo‘l bilan hal etish bosqichiga olib keldi. Shu tariqa tashkilot o‘zining tarixiy missiyasini bajarib bo‘lganini bildirgan.
Ma'lumot uchun, KIP 1978 yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘n minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan qurolli harakatlar orqali Turkiyada mustaqil kurd davlati tuzishni maqsad qilgan edi. Tashkilot hozirgacha Turkiya, AQSh, Buyuk Britaniya va ayrim Yevropa davlatlari tomonidan “terroristik guruh” deb tan olingan.







