Mars tubida katta ko'l topildi
8 km chuqurlikda yashirin ko‘l hayot izlarini topishda muhim qadam hisoblanadi.

Mars sayyorasining yuzasi ostidan chuqur joylashgan katta ko‘l topildi. Bu haqda Avstraliya, Italiya va Xitoydan bo‘lgan olimlar guruhi tadqiqotlar guruhi xabar berdi.
Ko‘l sayyora yuzasidan taxminan 8 kilometr chuqurlikda joylashgan. Olimlar bu joyda suyuq holatda saqlanayotgan birinchi suv ombori aniqlangani haqida ishonch bilan bayonot berishdi. Ushbu kashfiyot NASA’ning InSight missiyasi maʼlumotlari asosida amalga oshirilgan.
Maʼlum bo‘lishicha, InSight 2018-yildan beri Marsning qobig‘ida ro‘y berayotgan seysmik harakatlarni kuzatmoqda. Aynan ikkita meteorit zarbasi va kuchli “marszilzilalar” tufayli paydo bo‘lgan seysmik to‘lqinlar Mars ichki qatlamlariga nazar tashlashga imkon berdi.
Olimlar eng yangi matematik modellash uslublaridan foydalangan holda, bu to‘lqinlarni tahlil qilib, Mars qaʼrida kutilmagan er osti landshaftini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Natijada, sayyoraning tubida chuqur va ehtimol hayotni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘lgan suyuq suv ombori mavjudligi isbotlandi.







