Xitoy va AQSh tariflarni keskin pasaytirdi
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo ziddiyatlari yumshamoqda.

AQSh va Xitoy boj to‘lovlarini vaqtincha pasaytirishga kelishib oldi. Jenevada o‘tkazilgan muzokaralar yakuniga ko‘ra, 90 kunlik muddat davomida Xitoy AQSh mahsulotlariga bojlarni 24 foizga kamaytiradi. Shu bilan birga, AQSh ham Xitoydan keltiriladigan tovarlarga joriy etilgan tariflarni 145 foizdan 30 foizga tushiradi. Xitoy esa o‘z navbatida, 125 foizlik boj stavkasini atigi 10 foizgacha kamaytirishga rozi bo‘ldi.
Bu qaror AQSh moliya vaziri Skott Bessent tomonidan e’lon qilindi. Unga ko‘ra, ushbu kelishuv vaqtinchalik bo‘lsa-da, ikki tomonlama savdoni barqarorlashtirish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
Avvalroq Shveytsariyada o‘tkazilgan muzokaralarda tomonlar yangi savdo-iqtisodiy maslahatlashuv mexanizmini yaratishga kelishib olgan edi. Bu mexanizm kelajakdagi savdo ziddiyatlarini yumshatish va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.







