Fond bozorlarida tiklanish boshlandi
90 kunlik kelishuv global indekslarga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Aprel oyida AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan bojlar sabab pasaygan global birja indekslari endilikda tiklanmoqda.
Tiklanish 10–11 may kunlari Jenevada bo‘lib o‘tgan AQSh va Xitoy o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng boshlandi. Muzokaralar yakunida tomonlar bojlarni 90 kun muddatga o‘zaro kamaytirishga kelishib oldilar. Bu vaqt davomida ular savdo siyosatidagi kelishmovchiliklarni hal qilish maqsadida muzokaralarni davom ettiradi.
Kelishuv tafsilotlari dushanba kuni oshkor etilgan bo‘lsa, seshanba kuni o‘nlab yirik birja indekslari o‘sishni boshladi. Bu jarayon investorlar tomonidan ijobiy qabul qilinmoqda.
Xususan, AQShning S&P 500 indeksi aprel oyidagi pasayishdan keyin 3,1 foizga oshdi. Savdo urushidan eng ko‘p zarar ko‘rgan Xitoy, Kanada va Gonkong birjalari ham tiklanish holatida. Shuningdek, Buyuk Britaniya va Fransiyaning asosiy fond indekslari ham tiklanishga yaqinlashgan.
“Uzoq va puxta muzokaralar davom etmoqda, lekin bozorda kutilgan falokat yuz bermagani — ijobiy holat,” — dedi Globalt Investments kompaniyasi investitsiya menejeri Tomas Martin.







