Yevroittifoq Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar e'lon qilishi mumkin
Sanksiyalar 14-mayda tasdiqlanishi kutilmoqda.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan navbatdagi, 17-sanksiyalar paketini tasdiqlash arafasida turibdi. Xabarlarga ko‘ra, ushbu sanksiyalar loyihasi bo‘yicha diplomatik muzokaralar nisbatan tez kechgan va a’zo davlatlar delegatsiyalari o‘rtasida jiddiy qarama-qarshiliklarga sabab bo‘lmagan.
Shunga qaramay, ba’zi delegatsiyalar Yevrokomissiya tomonidan yaqinda kiritilgan o‘zgartirishlarni chuqurroq o‘rganish uchun qo‘shimcha vaqt so‘rashgan. Navbatdagi muhokama 14-may kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan, va aynan shu kuni sanksiyalar paketi ma’qullanishi ehtimoldan xoli emas. Agar shunday bo‘lsa, u rasman 20-may kuni Yevroittifoq tashqi ishlar kengashi yig‘ilishida qabul qilinadi.
Yevroittifoqning tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Kaja Kallas ham bu ehtimolni tasdiqlagan. U 8-may kuni bergan bayonotida 17-sanksiyalar paketining yaqin kunlarda tasdiqlanishiga umid qilayotganini bildirgan edi.
"Biz uni 20-may kuni o‘tadigan Tashqi ishlar kengashida qabul qilishni rejalashtiryapmiz. Paketda ko‘plab muhim elementlar bor, biroq hali to‘liq kelishuvga erishilmagan. Rossiya tinchlik istashi uchun unga bosim kuchaytirilishi lozim, sanksiyalar esa bu bosim vositalaridan biridir", — dedi Kallas.
Yangi sanksiyalar paketining eng muhim jihatlaridan biri sifatida Rossiyaning “soya flotiga” tegishli bo‘lgan 200 tagacha kemani sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish rejalashtirilgan. Shuningdek, sanksiyalarga tortiladigan jismoniy va yuridik shaxslar ro‘yxati ham kengaytiriladi.







