AQSh–Saudiya o‘rtasida yirik investitsiya bitimi imzolandi
Saudiya Arabistoni AQSh iqtisodiyotiga 600 milliard dollar sarmoya kiritish majburiyatini oldi.

AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasida tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan, umumiy qiymati 600 milliard dollarni tashkil etuvchi yirik shartnoma imzolandi. Bu haqda Oq uy rasmiy sayti orqali ma’lumot berildi.
Shartnoma AQSh prezidenti Donald Trampning Ar-Riyodga tashrifi davomida e’lon qilingan. Kelishuv mudofaa, energetika, xavfsizlik va noyob metallarga oid sohalarni qamrab olgan bo‘lib, AQSh kompaniyalariga strategik resurslarga kengroq kirish imkonini yaratadi.
Ushbu yirik investitsiya orqali Saudiya Arabistoni AQSh iqtisodiyotiga kuchli moliyaviy turtki berishni maqsad qilgan. Shuningdek, bu ikki davlat o‘rtasidagi harbiy va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
Tramp safari doirasida 15-may kuni Qatar poytaxti Dohaga, undan keyin esa Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyuradi. Bu uchrashuvlarda energiya xavfsizligi va harbiy hamkorlik asosiy muhokama mavzusi bo‘ladi.







