Isroil G‘azodagi shifoxonaga havo hujumi uyushtirdi
Hujum natijasida kamida 28 kishi halok bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, Isroil harbiy aviatsiyasi tomonidan G‘azo sektoridagi Xon-Yunis shahrida joylashgan Yevropa shifoxonasiga uyushtirilgan havo hujumi oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar tan jarohati oldi.
Mahalliy manbalarning bildirishicha, shifoxonaga jami olti bomba tashlangan bo‘lib, zarbalar asosan ichki hovli va unga tutash hududlarga yo‘naltirilgan.
Isroil mudofaa armiyasi (TsAXAL) hujum “Hamas” harakatining qo‘mondonlik markaziga qarshi aniqlik bilan amalga oshirilganini bildirdi. Ularning da’vosiga ko‘ra, bu markaz aynan shifoxona ostida joylashgan bo‘lgan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu hujumning asosiy nishoni “Hamas” rahbarlaridan biri — Muhammad Sinvar bo‘lgan. Ammo TsAXAL bu ma’lumotga izoh bermagan. Muhammad Sinvarning taqdiri hozircha noma’lumligicha qolmoqda.
Muhammad Sinvar — 2024-yil oktabr oyida o‘ldirilgan, “Hamas”ning sobiq siyosiy rahbari Yahyo Sinvarning ukasi sanaladi. Yahyo Sinvar vafotidan so‘ng, G‘azodagi harakatga uning ukasi Muhammad rahbarlikni qo‘lga olgan va guruhni qayta tiklash ustida ish boshlagan edi.







