Rim Papasi Rossiya va Ukraina o'rtasida vositachi bo'lishga tayyor
Papa Leo XIV: “Dunyoda tinchlik uchun bor kuchimni sarflayman”.

Bugun, 14-may kuni, Rim Papasi Leo XIV Ukrainadagi urushga barham berish yo‘lida muhim tashabbus bilan chiqdi. U Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi bo‘lishga tayyor ekanini bildirib, dunyoda nihoyat tinchlik va adolat hukmron bo‘lishi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini aytdi.
Bu bayonot Papa tomonidan 2025-yilda 23 ta Sharqiy katolik cherkovlariga bag‘ishlangan Muqaddas Yubiley yili tadbirlari doirasida bildirilgan. U o‘z chiqishida dunyoning turli mojaroli hududlariga e’tibor qaratdi: “Muqaddas yerdan to Ukrainagacha, Livandan Suriyagacha, Yaqin Sharqdan tortib Tigray va Kavkazgacha — biz hanuzgacha zo‘ravonlik, qurolli to‘qnashuvlar va adolatsizliklar guvohi bo‘lmoqdamiz. Men tinchlik uchun, bu dunyoda yakdillik ustuvor bo‘lishi uchun astoydil harakat qilaman”, — dedi Papa.
Leo XIV, shuningdek, barcha dindorlarni qurolli mojarolar girdobida qolgan mamlakatlar tinchligi va farovonligi uchun ibodat qilishga chaqirdi. Xabarlarga ko‘ra, Muqaddas Taxt xalqlar o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish orqali umid, qadr-qimmat va tinchlikni tiklashga doimo tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.
“Dunyo xalqlari tinchlikni istamoqda. Men ularning rahbarlariga chin dildan murojaat qilaman - keling, uchrashib muzokaralar olib boraylik”, — deya so‘zini yakunladi Papa Leo XIV.







