Yevropa davlatlari Ukrainani himoya qilishga tayyorlanmoqda
Ukrainaga Yevropaning to‘rt davlatidan harbiy kuchlar yuborilishi mumkin.

AQSh Dnepr daryosining g‘arbiy qismida Britaniya, Fransiya, Germaniya va Polsha harbiy qismlarini joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda AQSh prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu rejalar Ukraina sharqidagi Rossiya bilan to‘qnashuv zonalaridan uzoqda joylashgan hududlarda barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.
“Gap barqarorlashtiruvchi kuchlar haqida ketmoqda. Dnepr daryosining g‘arbiy qismida ularning joylashtirilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri jangovar harakatlar zonasidan tashqarida qolishini anglatadi”,— dedi Kellog.
Rejalarga ko‘ra, 30 minggacha yevropalik askar Ukrainadagi muhim infratuzilma obyektlari, portlar va yirik shaharlarni himoya qilishda ishtirok etishi mumkin.
Bu tashabbus NATOning rasmiy operatsiyasi sifatida emas, balki alohida davlatlarning harbiy hamkorligi doirasida amalga oshirilishi kutilmoqda.







