Yevropa Turkiya bilan aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda
Geosiyosiy o‘zgarishlar fonida Yevropa va Turkiya yaqinlashmoqda.

Yevropa Ittifoqi Turkiya bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga harakat qilmoqda. Bunga AQSh prezidenti Donald Trampning Yevropa xavfsizligiga nisbatan befarq yondashuvi asosiy sabab bo‘layotgani ta’kidlanmoqda. Financial Times nashrining manbalariga ko‘ra, YI hozirgi global sharoitda o‘z xavfsizligini ta’minlashda Turkiya bilan yaqin hamkorlikni zarur deb hisoblamoqda.
Hisobotda aytilishicha, Turkiya tashqi ishlar vaziri va Milliy razvedka xizmatining sobiq rahbari Xoqon Fidan YI mudofaa tashabbuslariga muntazam taklif qilinmoqda. Bu esa ikki tomonlama hamkorlikning tobora chuqurlashib borayotganidan dalolat beradi.
G‘arb diplomatlardan birining ta’kidlashicha, Yevropa mamlakatlari Anqara bilan turli sohalarda yangi hamkorlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yishga tayyor. Bu yondashuv mavjud siyosiy muhitda Turkiyaning mintaqadagi o‘rni va ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an so‘zlariga ko‘ra, Yevropa xavfsizligini Turkiyasiz, ayniqsa uning rivojlangan mudofaa sanoatisiz tasavvur qilish mumkin emas. U yaqinda Antaliya Diplomatik forumida YIga murojaat qilib, mintaqaviy barqarorlikni istar ekan, Turkiyani to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilishi kerakligini bildirgan edi.
Shuningdek, Erdo‘g‘an Turkiyaning YIga a’zolikdan voz kechayotgani haqidagi tanqidlarni qat’iyan rad etib, bu yo‘l mamlakatning asosiy strategik maqsadi bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.







