Germaniya armiyasi Yevropadagi eng kuchli armiyaga aylanadi
Fridrix Merts kuchli armiya va’da qildi.

Germaniya kansleri Fridrix Merts o‘zining Bundestagdagi inauguratsiya nutqida mamlakat Qurolli kuchlarini Yevropadagi eng kuchli armiyaga aylantirishni hukumatining asosiy maqsadlaridan biri sifatida e’lon qildi. U Bundesverning harbiy salohiyatini oshirish uchun zarur barcha moliyaviy va siyosiy vositalar safarbar etilishini va’da qildi.
Ma'lum qilinishicha, kansler Merts hukmron koalitsiya – konservativ CDU/CSU bloki va Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (SPD) – Qurolli kuchlar uchun yetarli mablag‘ ajratilishini ta’minlashini ta’kidladi. Bundesver safini kengaytirish uchun “yangi va jozibali ixtiyoriy harbiy xizmat” joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Berlin Yevropa xavfsizligi borasida ko‘proq javobgarlikni zimmasiga olishga tayyorligini bildirar ekan, Germaniya NATO standartlariga muvofiq harbiy xarajatlarini YaIMning kamida 2 foizigacha yetkazishni maqsad qilgan. 2025-yildan boshlab harbiy byudjet 2024-yildagi 52 milliard yevroga nisbatan 67,4 milliard yevroga ko‘tarilishi ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘lar sobiq kansler Olaf Sholts tomonidan tashkil etilgan 100 milliard yevrolik maxsus fonddan ham qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanadi.
Kansler shuningdek, “shved modeli” asosida ixtiyoriy harbiy xizmatni qayta tiklash g‘oyasini ilgari surdi. Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Boris Pistorius tomonidan ilgari surilgan bu model har bir voyaga yetgan nemis fuqarosiga – erkaklar va ayollarga – olti oylik bazaviy harbiy xizmatni, keyinchalik uni 17 oygacha uzaytirish imkonini beradi. Eslatib o‘tamiz, Germaniya 2011-yilda tinchlik davrida majburiy harbiy xizmatni bekor qilgan edi.







