Qozog‘istonda qiz o‘g‘irlash uchun jazo joriy etiladi
Bu jarayonda jiddiy jarima choralari qo‘llaniladi.

Qozog‘istonda majburiy nikoh uchun jinoiy javobgarlik joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda mamlakat parlamentining deputati Murat Abenov ma’lum qildi. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida Qozog‘istonda turmush qurishga majburlangan 214 shaxsdan murojaatlar kelib tushgan. Shulardan faqat 10 nafari sudga yetib borgan, qolgan yuzlab jinoiy ishlar esa yopilib ketgan.
Abenovning aytishicha, "Qiz o‘g‘irlab ketilganini, mashinadan sakrab tushganini, unga nisbatan kuch qo‘llanganini isbotlagan bo‘lsalar ham, ular hech narsa qila olishmagan."
Parlament a’zolari tomonidan yaqin vaqt ichida Majlisda ko‘rib chiqiladigan tuzatishlar ishlab chiqildi. Yangi qonun taklifiga ko‘ra, Qozog‘istonda “qiz o‘g‘irlash” uchun jazo joriy etiladi va bu holat rasmiy ravishda "majburiy nikoh" deb ataladi. Deputat Abenovning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonda jiddiy jarima choralari qo‘llaniladi. Og‘ir hollarda, agar qiz 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, kuch qo‘llangan bo‘lsa yoki bir guruh shaxslar ishtirok etgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik yanada og‘irroq bo‘lib, 5-7 yilgacha qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.
Abenov, shuningdek, bu o‘zgarishning joriy yilning oxirigacha kuchga kirishi mumkinligini ta’kidladi.
2025-yil fevral oyida Abenov, kelin o‘g‘irlash uchun jinoiy javobgarlik kiritish tashabbusi bilan chiqqan edi. O‘shanda u 3-5 yilga qamoq jazosi haqida gapirgan edi.
2024-yil fevral oyida Qozog‘istonning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Artur Lastayev Chimkentda shov-shuvli tarzda kelin o‘g‘irlab ketilganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, majburan turmushga chiqqan qizlar ko‘pincha jinsiy, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi.







