Tramp 16-may kuni Istanbulga borishi mumkin
Tramp: Har hafta 5000 askar halok bo‘lyapti – bu urushni to‘xtatish kerak.

AQSh prezidenti Donald Tramp, agar zarurat bo‘lsa, 16-may kuni Istanbulga kelishga tayyor ekanini ma’lum qildi. U bu haqda Dohada AQSh va Qatar ishbilarmon doiralari vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda aytib o‘tdi. Istanbulda 15-may kuni Rossiya va Ukraina o‘rtasida 2022-yildan beri ilk bor o‘tkazilishi rejalashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar markaziy e’tiborda bo‘lib turibdi.
Tramp o‘z bayonotida: “Menimcha, biz Rossiya va Ukraina bilan yaxshi muloqot qura olamiz. Har hafta o‘rtacha 5000 askar halok bo‘lmoqda — bu fojiaviy raqam. Keling, bu urushni qanday tugatish mumkinligini birgalikda ko‘rib chiqaylik. Istanbulga safar qilishni o‘ylayapman, lekin hozircha bugun va ertaga jadvalimiz to‘la. Shunga qaramay, agar zarurat bo‘lsa, juma kuni boraman”- deya ta'kidladi.
Shuningdek, u Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ushbu muzokaralarda ishtirok etmasligini ta’kidlab o‘tdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda AQSh vakillari muzokaralarda faol ishtirok etmoqda.







