Zelenskiy Erdo‘g‘an bilan uchrashdi
Uchrashuv yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi.

Bugun, 15-may kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy rasmiy tashrif bilan Turkiyaga keldi va Anqarada Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Zelenskiy Turkiyaga yetib kelgach, Esenbo‘g‘a xalqaro aeroportidan bevosita Prezident saroyiga yo‘l oldi. U yerda uni Prezident Erdo‘g‘an tantanali tarzda kutib oldi. Ikki rahbar saroy zinapoyasida, Turkiya va Ukraina bayroqlari fonida an’anaviy suratga tushish marosimini o‘tkazdi.
Uchrashuv yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya Milliy mudofaa vaziri Yashar Guler, Milliy razvedka tashkiloti rahbari Ibrohim Kalin va Prezidentning tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha bosh maslahatchisi Akif Chag‘atay Qilich ishtirok etdi.
Prezidentlar o‘rtasidagi ikki tomonlama muzokaralardan so‘ng, kechki ovqat ko‘rinishida kengaytirilgan delegatsiyalar uchrashuvi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Erdo‘g‘an va Zelenskiy uchrashuvida Rossiya-Ukraina urushi yuzasidan so‘nggi vaziyat, shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatish hamda tinchlik muzokaralarini boshlash imkoniyatlari keng muhokama qilinmoqda.







