AQShning yirik kriptovalyuta birjasi xakerlik hujumiga uchradi
Coinbase’dan 20 million dollar tovon talab qilindi.

AQShning eng yirik kriptovalyuta birjalaridan biri — Coinbase kiberhujum nishoniga aylandi. Ma'lum qilinishicha, xakerlar mijozlarga oid maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan va ularni oshkor qilmaslik evaziga kompaniyadan 20 million dollar talab qilgan.
Hujumdan so‘ng Coinbase aksiyalari Nyu-York fond birjasida 5,4 foizga arzonlashdi. Bu, ayniqsa, kompaniya aksiyalari bir kun avval birja indeksiga kiritilganidan so‘ng 25 foizga oshgan edi.
Rasmiy bayonotga ko‘ra, xakerlar mijozlar ro‘yxatini qo‘lga kiritib, ular nomidan aldov kampaniyalari tashkil qilgan. So‘ng, fosh bo‘lmaslik uchun Coinbase’dan katta miqdorda pul talab qilishgan. Kompaniya bu talabni rad etganini bildirgan.
Coinbase jinoyatchilarni aniqlashga yordam beruvchi har qanday axborot uchun 20 million dollarlik mukofot e’lon qildi. Hozircha hujum ortida kim turgani aniq emas, ammo tergov ishlari davom etmoqda.
Kripto sohasidagi xavfsizlik bilan shug‘ullanuvchi Chainalysis kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilda kriptobirjalarga uyushtirilgan kiberhujumlar natijasida 2,2 milliard dollar zarar yetkazilgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi yildagiga nisbatan 21 foizga oshgan bo‘lib, eng yirik qismini Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Shimoliy Koreya bilan bog‘liq xaker guruhlari tashkil qiladi.
Coinbase jabrlangan mijozlarga 180–400 million dollar oralig‘ida kompensatsiya to‘laydi, deya ma’lum qildi kompaniya matbuot xizmati.








