Shveytsariya Rossiya bilan savdoda yangi cheklovlar joriy qildi
Rossiyaning yana bir nechta transportlari xalqaro savdodan uzildi.

Yevropa Ittifoqining sanksiyalariga qo‘shilgan holda Shveytsariya hukumati ham Rossiyaning ayrim aeroportlari va dengiz portlari bilan savdo faoliyatini taqiqladi. Bu haqda mamlakat Iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati (SECO) rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, cheklovlar quyidagi oltita aeroportga taalluqli: Moskva yaqinidagi “Vnukovo” va “Jukovskiy” hamda Perm, Pskov va boshqa ikki mintaqaviy aeroport. Shuningdek, Astraxan, Maxachqal’a, Novorossiysk, Primorsk va Ust-Luga kabi muhim strategik ahamiyatga ega dengiz portlari ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Mazkur qaror Shveytsariyaning neytrallik siyosatiga qaramay, xalqaro xavfsizlik va geosiyosiy barqarorlikni ta’minlash borasidagi pozitsiyasini mustahkamlash yo‘lida tashlangan navbatdagi qadam sifatida talqin qilinmoqda.
Ekspertlarning fikricha, bu taqiq Rossiya tashqi savdo tarmog‘iga sezilarli bosim o‘tkazishi mumkin, ayniqsa, yuk tashish va eksport-import operatsiyalarida.








