Tramp “Amerika Ovozi”ni qisqartirishni boshladi
“Amerika Ovozi” ofisi sotuvga qo'yilgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati mamlakatning global media siyosatiga keskin o‘zgartirish kiritib, “Amerika Ovozi” (Voice of America) radiostansiyasining 600 nafar xodimini ishdan bo‘shatishga qaror qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ishdan bo‘shatishlar bilan birga, radiostansiyaning Vashingtondagi markaziy ofisi ham sotuvga qo‘yilgan. Bu esa AQSh hukumati nazorati ostidagi xalqaro media tuzilmasining kelajagi borasida jiddiy xavotirlar uyg‘otmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 14-mart kuni Tramp AQSh Global Media Agentligi (USAGM) faoliyatini qisqartirish bo‘yicha rasmiy farmonni imzolagan edi. Mazkur agentlik “Amerika Ovozi”dan tashqari “Ozodlik”, “Marti”, “Radio Free Asia” kabi xalqaro axborot vositalarini ham boshqaradi.
Tramp prezidentligi davrida AQSh tashqi propagandasi va mustaqil axborot vositalarining roliga nisbatan tanqidiy yondashuv kuchaygan edi. Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, bu qaror jurnalistlar erkinligi va AQShning xalqaro axborot maydonidagi pozitsiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.







