Suriya bosmaxonalarni o‘zgartirmoqchi
Suriya banknotlari endi BAA va Germaniyada bosilishi mumkin.

Xabarlarga ko‘ra, Suriya hukumati milliy valyutasi — Suriya funtini chop etish ishlarini Birlashgan Arab Amirliklari va Germaniyaga ko‘chirish imkoniyatlarini anchadan beri o‘rganib kelmoqda. Shu vaqtgacha, ya’ni so‘nggi o‘n yildan ortiq vaqt davomida Suriya banknotlari Rossiyada bosib chiqarilardi.
Yevropa Ittifoqi bu yil fevral oyida Damashqqa nisbatan sanksiyalarni yumshatganidan so‘ng, bu boradagi harakatlar jadallashgan.
Xabarlarga ko‘ra, Germaniyada ikki kompaniya — Bundesdruckerei (davlat korxonasi) va Giesecke+Devrient (xususiy kompaniya) Suriya pullarini chop etishga qiziqish bildirgan.
Yangi Suriya rahbariyati nafaqat bosmaxona lokatsiyasini o‘zgartirishni, balki banknotlardan sobiq prezident Bashar Asadning portretini olib tashlab, pul dizaynini yangilashni ham rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun, Rossiya 2012-yildan buyon Suriya funtini chop etib kelmoqda. Bungacha esa bu ishni Avstriyadagi kompaniya bajargan, ammo Yevropa Ittifoqi tomonidan Suriya fuqarolar urushi sababli kiritilgan sanksiyalar ortidan shartnoma bekor qilingan edi.







