Xitoyda rasmiylarga hashamatli hayot taqiqlanmoqda
Xitoyda davlat mablag‘laridan foydalanishga qat’iy tartiblar joriy etildi.

Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi va Davlat Kengashi tomonidan yangi qaror e’lon qilindi. Qaror mamlakatda isrofgarchilik va byudjet mablag‘larining samarasiz sarflanishiga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan.
Hujjat 63 moddadan iborat bo‘lib, unda davlat va partiya xodimlariga xizmat safarlari, tantanali kechki ovqatlar va boshqa protokol tadbirlar doirasida tejamkorlik tamoyillariga qat’iy rioya qilish majburiyligi belgilab qo‘yilgan. Xususan, mansabdor shaxslarga hashamatli ovqatlar, sigaret va spirtli ichimliklar iste’moli qat’iyan taqiqlanadi. Bundan tashqari, xorijiy safarlar vaqtida qimmatbaho sovg‘alar almashish va qimor o‘yinlarida qatnashish ham cheklanmoqda.
20-modda rasmiylarga qimmat sovg‘alar, obligatsiyalar, vaucherlar va o‘yin-kulgular uchun belgilangan limitlardan chiqmaslikni, xizmat safarlarida esa faqatgina ruxsat etilgan tartibda transport, ovqatlanish va turar joy bilan cheklanilishni talab qiladi. Shuningdek, aeroport yoki vokzallarda tantanali kutib olish marosimlari ham man etiladi.
“Isrofgarchilik uyatli”, — deya ta’kidlaydi rasmiy Sinxua agentligi. Xitoy hukumati rasmiylardan oddiylik, tirishqoqlik va mas’uliyatni kutmoqda.
Mazkur choralar mamlakatdagi iqtisodiy muammolar fonida joriy etilmoqda. 2024-yil oxirida The Wall Street Journal Xitoy iqtisodiy ahvolini “tartibsizlik” deb atagan edi. Haddan ortiq ishlab chiqarish quvvati, pasaygan iste’mol va yirik kompaniyalarning investitsiyalardan voz kechishi hukumatni tejamkorlikka jiddiy choralar ko‘rishga undadi.
Xitoy moliya vaziri Lan Foan amaldorlarni davlat byudjeti mablag‘larini sarflashda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi. U Pekinning asosiy strategik yo‘nalishlarni moliyalashtirishda davom etishini, lekin bu jarayonlar boshqa sohalarda keskin tejamkorlik evaziga amalga oshirilishini bildirdi.







