AQSHda 64 kishi ixtiyoriy ravishda deportatsiya qilindi
Ular uchun maxsus charter parvoz tashkil etilgan.

AQSh hukumati “ixtiyoriy deportatsiya” dasturini ishga tushirdi va dastlabki 64 nafar noqonuniy migrantni Gonduras hamda Kolumbiyaga charter reys orqali qaytardi. Dastur prezident Donald Tramp davrida e’lon qilingan bo‘lib, u migrantlarga mamlakatni ixtiyoriy tark etish evaziga ayrim imtiyozlar berishni ko‘zda tutadi.
AQSh Ichki xavfsizlik vazirligining bayonotiga ko‘ra, ushbu migrantlar CBP Home mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tgan va ular uchun maxsus charter parvoz tashkil etilgan. Ishtirokchilarga bepul aviachipta, 1000 AQSh dollari miqdorida mablag‘ va kelajakda AQShga qonuniy ravishda kirish imkoniyati taqdim etiladi.
Gondurasga qaytgan 38 nafar shaxsga mamlakat hukumati qo‘shimcha 100 dollar, oziq-ovqat talonlari bergan va ish bilan ta’minlashda yordam ko‘rsatishga va’da bergan. Kolumbiyaga qaytgan 26 kishiga esa ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi.







