Endi bolalar internetga faqat pasport bilan kira oladimi?
Yevropa davlatlari bu bo'yicha yangi cheklovlar ishlab chiqmoqda.

Ispaniya, Gretsiya va Fransiya hukumati Yevrokomissiyani Yevropa Ittifoqi bo‘ylab bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini zudlik bilan cheklashga chaqirdi. Ma'lum qilinishicha, ushbu mamlakatlar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun yagona minimal yosh chegarasini belgilash tarafdori.
Rasmiylarning fikricha, ijtimoiy tarmoqlardagi kontent bolalar ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yosh foydalanuvchilar doimiy ravishda yuzaki, solishtiruvga asoslangan va tez-tez ruhiy bosimga sabab bo‘ladigan materiallar oqimiga duch kelmoqda. Bu esa ularning ruhiy salomatligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Fransiya va Gretsiya 15 yoshdan kichik bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash tarafdori. Xabarlarda yoshni aniqlash mexanizmi batafsil ochiqlanmagan bo‘lsa-da, ko‘plab Yevropa davlatlarida 15 yoshdan boshlab ichki pasportlar berilishi sababli, ehtimoliy yechim sifatida shaxsni tasdiqlovchi hujjat orqali ro‘yxatdan o‘tish joriy etilishi mumkin.
Mazkur tashabbus Yevropa miqyosida ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq tartibga solish choralarini kuchaytirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘lishi mumkin.







