Fransiyada suv toshqini sabab poyezd relsdan chiqib ketdi
Unda 500 dan ortiq yo'lovchilar ketayotgan bo'lgan.

Fransiyaning janubi-g‘arbiy qismida yuz bergan kuchli toshqin TGV tezyurar poezdining relsdan chiqib ketishiga olib keldi. Xabarlarga ko‘ra, suv Toennen hududidagi yo‘l ostidagi balastni yuvib ketgan. Biroq poezdda bo‘lgan 508 yo‘lovchidan hech biri jarohat olmagan.
Voqea joyidagi yo‘lovchilarning aytishicha, vagonlar og‘ib tushgan, relslar esa suv ostida qolgan. Odamlar kechasi evakuatsiya qilinib, jamoat zaliga joylashtirilgan. Ular seshanba kuni ertalab avtobuslar orqali belgilangan manzillarga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Dushanba kuni kuchli do‘l va yomg‘ir daryolarning toshishiga sabab bo‘ldi — yog‘ingarchilik darajasi kvadrat metriga 100 litrni tashkil etdi. Qutqaruv ishlariga 60 ga yaqin mutaxassis, shu jumladan o‘t o‘chiruvchilar, jandarmlar va Qizil Xoch ko‘ngillilari jalb qilindi. Operatsiya bir yarim soat davom etgan.
Suv toshqini tufayli Tuluzadan Parijga yo‘l olgan Intercités poyezdi tunda Agen shahrida to‘xtab qolgan. Ertalab yo‘lovchilar avtobuslarda Tuluzaga qaytarilgan. Agen va Marmand oralig‘idagi qatnov to‘xtatilib, Bordo–Tuluza TGV yo‘nalishlariga ham ta’sir ko‘rsatgan.







