Ruminiya fuqarolari pasportlarini yirtib tashlamoqda
Bu saylovdan keyingi noroziliklar fonida yuz bermoqda.

Ruminiyada 18-may kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining yakuniy natijalari mamlakatda keskin noroziliklar keltirib chiqardi. Buxarest meri Nikushor Danning g‘alabasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, ayrim fuqarolar pasportlarini yirtib tashlab, mamlakatni tark etish niyatida ekanliklarini bildirgan.
Fuqarolarning aksariyati saylov natijalaridan chuqur hafsalasi pir bo‘lganini yashirmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrimlar siyosiy boshpana so‘rashni rejalashtirayotganini aytsa, boshqalar “surgun yo‘li”ni tanlashni bildirishmoqda. “Xayr, Ruminiya, biz seni qutqara olmadik”, – deydi saylov natijalaridan norozi bo‘lganlardan biri.
Prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichida Nikushor Dan 53,6 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. E’tiborlisi, birinchi bosqichda u atigi 20 foiz ovoz olgan edi. Uning raqibi – millatchi ittifoq vakili va birinchi turda yetakchi bo‘lgan Jorje Simion esa 46,4 foiz ovoz to‘plagan.
Yevropa siyosiy muhitida bu kabi o‘tkir norozilik holatlari kamdan-kam uchraydi. Ruminiyada esa bu holat ijtimoiy ajralish va siyosiy ishonchsizlik darajasining oshib borayotganidan dalolat beradi.







