Avstraliyada kuchli suv toshqinlari kuzatilmoqda
Fojia oqibatida 50 mingga yaqin kishi izolyatsiyada qolmoqda.

Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels shtatida kuchli yomg‘irlar sabab yuzaga kelgan suv toshqinlari oqibatida 50 mingga yaqin odam izolyatsiyada qolmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda 48 mingdan ortiq fuqarolar tashqi aloqadan uzilgan. Suv toshqini eng ko‘p zarar yetkazgan hududlar qatoriga Tari, Vingem va Glenthorn kiradi. Yarim tundan beri qutqaruvchilar 289 ta chaqiruvga javob bergan.
Jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun vertolyotlar va qayiqlar safarbar etilgan. Qutqaruv ishlarida 40 dan ortiq brigada ishtirok etmoqda. Rasmiylar evakuatsiya qilinayotganlar soni yana ortishi mumkinligini bildirgan.
Meteorologlarning ogohlantirishicha, shtatning shimoliy hududlarida kuchli yomg‘irlar juma kunigacha davom etadi. Ayrim hududlarda yog‘ingarchilik miqdori 300 millimetrgacha yetishi mumkin.







