Britaniyalik o'smirlarning yarmi internetsiz dunyoni orzu qiladi
Yoshlarning 46 foizi “raqamli bolalik”ni rad etadi.

Yangi sotsiologik tadqiqot natijalariga ko‘ra, 16 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan britaniyaliklarning qariyb yarmi – 46 foizi yoshligini internetsiz o‘tkazishni afzal ko‘rgan bo‘lar edi.
The Guardian nashrining xabar berishicha, tadqiqot natijalari internet, xususan ijtimoiy tarmoqlarning yoshlarga psixologik ta’siriga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Respondentlarning 70 foizi ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o‘tkazgach, o‘zini ruhiy jihatdan yomon his qilishini bildirgan.
So‘rovda ishtirok etgan yoshlarning yarmi tungi vaqtda ayrim ilovalar va veb-saytlarga kirishni cheklovchi “raqamli komendantlik soati” g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan.
Shuningdek, ishtirokchilarning 25 foizi kuniga to‘rt soatdan ortiq vaqtini ijtimoiy tarmoqlarga sarflaydi. 42 foizi esa ota-onasi yoki vasiylariga internetdagi faoliyati haqida yolg‘on ma’lumot berishini tan olgan.
Tadqiqotda qiziqarli holatlardan biri — 27 foiz respondent internetda o‘zini butunlay boshqacha shaxs sifatida ko‘rsatishini bildirgan. 40 foiz yoshlar esa anonim profillardan boshqa odamlarni “kuzatish” yoki ijtimoiy bosimlardan chetda qolish maqsadida foydalanishini aytgan.
Bu so‘rov Buyuk Britaniya hukumatining ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan qattiqroq nazorat o‘rnatish, hatto ularni ma’lum soatlarda vaqtincha o‘chirish haqidagi takliflari fonida o‘tkazilgan.







