Adam Qodirov 10 kun ichida ikkinchi medal bilan taqdirlandi
Adam Qodirovga Rosgvardiyaga qo‘shgan hissasi uchun yangi medal berildi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning 17 yoshli o‘g‘li Adam Qodirov yana bir marta taqdirlandi. U bu safar Rosgvardiya (Rossiya milliy gvardiyasi) rivojiga qo‘shgan hissasi uchun “Axmat-Qamal" medalini oldi.
Ushbu mukofot “faol tashabbus, jangovar vazifalarni bajarishda ko‘maklashish va bo‘linmalar rivojiga qo‘shilgan salmoqli hissa” uchun berilgan. Medalni unga “Axmat-Qamal” otryadi komandiri, Adamning qarindoshi Abdul-Kerim Qodirov topshirgan.
Qayd etilishicha, bu 10 kun ichida uning ikkinchi mukofotidir. 12-may kuni Adam Qodirovga “Omon Axmat-Grozniy” tashkil etilganining 25 yilligiga bag‘ishlangan esdalik medali ham topshirilgan edi.
Bundan avvalroq, mart oyida u Rosgvardiyaning “jangovar namunaviy harakatlar uchun” medalini olgan, 2024 yil dekabrda esa Baysangur Benoyevskiy ordenini abadiy saqlash uchun topshirishgan.
Shuningdek, 2023 yil oktyabrda Grozniy tergov izolyatorida Qur’onni yoqishda ayblangan Nikita Juravelni kaltaklagani uchun Adam Qodirovga Checheniston Qahramoni unvoni berilgan edi.







