AQSh “Oltin karta” dasturini ishga tushirmoqda
5 million dollar evaziga AQShda yashash huquqini olish mumkin.

AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan mamlakat yaqin haftalarda yangi immigratsion dastur – “Oltin karta” (Trump Card) ni yo‘lga qo‘yadi. Bu dasturning asosiy sharti: AQSh iqtisodiyotiga kamida 5 million dollarlik sarmoya kiritgan xorijiy investorlar doimiy yashash huquqini olishlari mumkin bo‘ladi.
Ma'lum qilinishicha, AQSh savdo vaziri Xovard Latnik bu haqda Axios nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastur allaqachon amaliyot bosqichiga o‘tdi va birinchi bosqich sifatida trumpcard.gov rasmiy sayti ishga tushiriladi. Bu platforma orqali dastlabki arizalarni topshirish mumkin bo‘ladi.
Latnikning fikricha, “Oltin karta” tashabbusi xorijiy investitsiyalar oqimini kuchaytirib, AQShning ulkan davlat qarzini qoplashga yordam beradi. Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda AQShning davlat qarzi 36 trillion dollarni tashkil etadi, bu esa mamlakat YIMining 123 foiziga teng.
Yangi “Trump Card” dasturi avvalgi EB-5 vizasi o‘rnini bosadi. EB-5 dasturi doirasida AQShda kamida 10 ta ish o‘rni yaratgan xorijiy investorlar “yashil karta” olish imkoniga ega edilar. Endilikda yangi dastur investitsiya miqdorini oshirgan holda, jarayonni soddalashtirish va tezlashtirishga qaratilgan.
Donald Tramp ilgari bu dastur orqali 1 millionga yaqin xorijiy investorni jalb qilish niyatini bildirgan edi. “Trump Card” atamasi esa so‘z o‘yiniga asoslangan bo‘lib, ingliz tilida bu ibora “asosiy kuchli kartani qo‘llash” degan ma’noni anglatadi.







