Rossiya–Ukraina muzokaralari Vatikanda davom etishi mumkin
Ushbu muzokaralarda AQSh delegatsiyasi ham ishtirok etadi.

Xabarlarga ko‘ra, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarining navbatdagi bosqichi 2025-yil iyun oyining o‘rtalarida Vatikanda o‘tkazilishi mumkin.
Mazkur uchrashuvda AQSh delegatsiyasi ham ishtirok etishi rejalashtirilgan. Ularga davlat kotibi va Amerika prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha vaqtincha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Marko Rubio hamda Ukraina bo‘yicha maxsus elchi Kit Kellogg rahbarlik qiladi.
Avvalroq, yangi Papa Leo XIV Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal etishga yordam berish niyatini bildirgan va Vatikanni muzokaralar uchun maydon sifatida taqdim qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan edi. Bu tashabbus AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan olqishlandi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 16-may kuni Rossiya va Ukraina vakillari Istanbulda muzokara o‘tkazgan edi.







