2026-yilda samolyotlarda “tik o‘rindiqlar” paydo bo‘lishi mumkin
Bu samolyotlardagi sig‘im miqdorini 20 foizga oshirishi kutilmoqda.

Yevropaning ayrim arzon aviakompaniyalari 2026-yildan boshlab yo‘lovchilarni tik holatda tashishga mo‘ljallangan maxsus o‘rindiqlarni sinovdan o‘tkazishga tayyorlanmoqda.
Loyiha arzon aviaqatnovlar sig‘imini oshirish va xarajatlarni kamaytirishga yo‘naltirilgan. “Turib uchish” konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan o‘rindiqlar velosiped yoki ot egariga o‘xshash bo‘lib, yo‘lovchilarga faqat yarim egilgan holatda turgancha joylashishga imkon beradi. Har bir joy xavfsizlik kamarlari bilan jihozlanadi.
O‘rindiqlarni italiyalik Aviointeriors kompaniyasi ishlab chiqmoqda va bu yangilik joriy etilgach, samolyotdagi umumiy sig‘im 20 foizga oshishi mumkinligi aytilmoqda. Biroq loyiha hali rasmiy tasdiqlanmagan va aviakompaniyalar bu borada ommaga aniq bayonot bermagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda bu g‘oya keskin tanqidga uchradi. Foydalanuvchilar hazil bilan “yaqin orada yo‘lovchilar qanotga kislorod niqobi bilan bog‘lanishadi”, degan izohlar bilan fikr bildirishgan.







