G7 davlatlari Rossiyaga qat’iy ogohlantirish berdi
Ukraina bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatmasa,sanksiyalar kuchaytiriladi.

“Katta yettilik” (G7) davlatlari Rossiyani yana bir bor ogohlantirdi: agar u Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatmasa, unga qarshi sanksiyalar kuchaytiriladi. Bu haqda 22-may kuni e’lon qilingan rasmiy bayonotga tayanib, The New York Times xabar bermoqda.
G7 vakillarining ta’kidlashicha, ular Ukrainani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etadilar va Rossiyaga nisbatan barcha mumkin bo‘lgan choralarni, xususan, iqtisodiy bosimni kuchaytirishni ko‘rib chiqishga tayyor.
Gazetaning yozishicha, uchrashuvda Rossiya neftining eksportiga qo‘yilgan narx chegarasini yanada qat’iylashtirish masalasi ham muhokama qilindi.
Bayonotda shunday deyiladi: “G7 davlatlari Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashda sobit turadi hamda adolatli va barqaror tinchlik yo‘lida intiladi”.







