Everest cho'qqisiga chiqqan britaniyaliklar tergov qilinmoqda
Ular rekord darajada tez cho'qqini zabt etgani uchun so'roq qilinadi.

Nepal hukumati Everest cho‘qqisiga rekord darajadagi tezlikda chiqqan Britaniya harbiylariga qarshi rasmiy tergov boshladi. Sabab – ularga oddiy alpinistik jarayonlardan farqli ravishda ksenon gazidan foydalanish orqali tezlikda ko‘tarilishda yordam berilgan bo‘lishi mumkinligi.
Britaniyaning faxriylar ishlari bo‘yicha vaziri Al Karns boshchiligidagi guruh – Britaniya maxsus kuchlarining sobiq a’zolari 21-may kuni faqat 5 kun ichida Everest cho‘qqisini zabt etishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu holat odatdagi ikki oylik iqlimlashtirish va tayyorgarlik jarayonlaridan tubdan farq qiladi.
Ekspeditsiya a’zolari balandlik kasalligining oldini olish uchun Germaniyadagi klinikada sayohatdan ikki hafta avval ksenon gazini nafas olish amaliyotidan foydalangan. Bu gaz gipoksiya (kislorod yetishmasligi)ning salbiy ta’sirini kamaytiradi.
Nepal Turizm agentligi rahbari Narayan Prasad Regmiga ko‘ra, ular “Everestga chiqishda ksenon gazidan foydalangan barcha alpinistlar va agentliklar ustidan tekshiruv boshlab yuborilganini” ma’lum qildi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, ilgari bunday usuldan Nepal tog‘larida foydalanilmagan va bu tajriba mamlakatda yangilik hisoblanadi.
Britaniya ekspeditsiyasi gazni mamlakatga olib kirilmaganini bildirmoqda. Ularning ta’kidlashicha, barcha tayyorgarlik chet elda amalga oshirilgan.
Ekspeditsiyani tashkil etgan Furtenbach Adventures (Avstriya) kompaniyasi esa ksenon gazining foydali tomonlarini ilgari surmoqda — u iqlimlashtirishni tezlashtiradi va organizmning balandlikka moslashuvini yengillashtiradi.
Biroq, Nepal parlamenti a’zosi Rajendra Bajayn bu kabi “sun’iy” usullar tog‘ iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytmoqda. Chunki iqlimlashtirishga ketadigan vaqt qisqargani sayin, mahalliy yo‘riqchilar, tashuvchilar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga bo‘lgan ehtiyoj kamayadi, bu esa ularning daromadlariga zarar yetkazadi.
Nepal hukumati hozirda ekspeditsiya a’zolarini rasman chaqirtirish va qonuniy choralar ko‘rishni rejalashtirmoqda.







