Fransiyada Telegram orqali faoliyat yuritgan pedofil tarmog‘i fosh etildi
Bu 10 oylik tergov natijasidir.

Fransiyada katta jamoatchilik e’tiborini tortgan jinoyat fosh etildi. Mamlakatda voyaga yetmaganlarni himoya qilish boshqarmasi Telegram messenjerida faoliyat yuritgan pedofillar tarmog‘ini aniqlab, 55 erkakni hibsga oldi. Operatsiya dushanbadan payshanbagacha davom etdi va butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazildi.
Hibsga olinganlar 25 dan 75 yoshgacha bo‘lib, ular 2024-yil yozida hibsga olingan va o‘z farzandlariga nisbatan zo‘ravonlik qilgan xavfli jinoyatchi bilan Telegram orqali aloqa qilganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda Fransiya Voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha OFMIN operativ bo‘linmasi rahbari Kventin Bevan ma’lum qildi.
Bevanning aytishicha, hibsga olinganlar orasida har xil kasb vakillari, davlat xizmatchilari, harbiylar bor. Fransiyada bolalar ustidan jinsiy zo‘ravonlik materiallarini saqlash va tarqatish uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish hamda 100 000 yevro (112 747 AQSH dollari)gacha jarima jazosi belgilangan.
Telegram vakili Remi Von bergan bayonotida kompaniya 2025-yilda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka oid kontent bilan bog‘liq 367 mingdan ortiq guruh va kanalni o‘chirish bo‘yicha choralar ko‘rganini bildirdi.
Bu Telegram bilan bog'liq Fransiyadagi ilk mojaro emas. 2024-yil avgustida Telegram asoschisi Pavel Durov Parijdagi Burje aeroportida hibsga olingan edi. Unga qarshi zo‘ravonlik materiallarini tarqatish siyosatini yetarli darajada nazorat qilmaganlik kabi ayblovlar qo‘yilgan. Keyinchalik Durov ushbu ayblovlarni rad etgan va hukumat uni “boshqalarning noqonuniy harakatlari uchun uni shaxsan javobgar qilishga” urinayotganini ta’kidlagan.







