Jurnalistlarning Pentagonga kirishi taqiqlandi
AQSh Mudofaa vaziri jurnalistlarga qarshi yangi choralar ko‘rmoqda.

Reuters agentligining yozishicha, AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Pentagon binolarida jurnalistlarning erkin harakatlanishiga chek qo‘yuvchi yangi farmon chiqardi. Unga ko‘ra, matbuot vakillari endilikda ko‘plab harbiy inshootlarga maxsus ruxsatsiz kira olmaydi. Hegset bu qarorni “maxfiy razvedka ma’lumotlarini himoya qilish zaruriyati” bilan izohladi.
Ammo bu qaror AQShda matbuot erkinligi uchun xavotirli holat sifatida baholanmoqda. Pentagon Matbuot Uyushmasi yangi tartibga keskin munosabat bildirib, bunday cheklov “matbuot erkinligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid” ekanini ta’kidladi.
“Jurnalistlar Pentagonning maxfiy bo‘lmagan hududlariga o‘nlab yillar davomida, har xil siyosiy ma’muriyatlar davrida, jumladan, 2001-yil 11-sentabr voqealaridan so‘ng ham hech qanday xavfsizlik e’tirozisiz erkin kira olishgan. Endilikda bu an’ana buzilmoqda”, — deyiladi bayonotda.
Manbalarga ko‘ra, Hegsetning bu qarori faqat xavfsizlik masalasi bilan emas, balki OAV bilan uzoq davom etayotgan ziddiyatlar bilan ham bog‘liq. U ilgari ham bir necha bor jurnalistlarni o‘ziga qarshi “fitna uyushtirishda” ayblagan. Bu holat, ayniqsa, Signal messenjerida rasmiylar o‘rtasidagi maxfiy suhbatlarning sizib chiqishi bilan bog‘liq muammolar fonida kuchaygan.








