Turkiya tashqi ishlar vaziri Rossiyaga boradi
Tashrif doirasida ikki tomonlama muzokaralar o'tkaziladi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Hokon Fidan 26-27 may kunlari rasmiy tashrif bilan Rossiyaga boradi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, Fidanning Rossiya prezidenti Vladimir Putin va tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashishi kutilmoqda.
Tashrif doirasida ikki tomonlama munosabatlar, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Ukrainadagi vaziyat, Qora dengiz xavfsizligi va Suriyadagi jarayonlar ham kun tartibidan o‘rin olishi mumkin.
Mazkur tashrif Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi strategik muloqotni davom ettirish, hamkorlik sohalarini yanada kengaytirish hamda turli muammolar yuzasidan yaqinroq muvofiqlashuvni taʼminlash maqsadini ko‘zlaydi.
Fidanning Moskvaga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam sifatida baholanmoqda.







