Braziliyalik erkakning buyragidan 35 dona tosh olib tashlandi
U kuniga 3 litr Coca-Cola ichgan.

Braziliyalik urolog Dr. Tales Andrade sog‘liq uchun xavfli odatlar haqida ogohlantirib, o‘z amaliyotidagi hayratlanarli holatlardan birini bo‘lishdi. U aytishicha, bir bemor kuniga uch litr Coca-Cola ichishga odatlangan. Natijada, bemorning buyragidan yig‘ilib qolgan 35 ta katta toshni jarrohlik yo‘li bilan olib tashlashga to‘g‘ri kelgan. Bu voqea nafaqat tibbiyot jamoatchiligini, balki ijtimoiy tarmoqlardagi millionlab odamlarni ham hayratga soldi. Dr. Andrade bu orqali gazli va shirin ichimliklarni me'yoridan ortiq iste’mol qilish qanchalik xavfli ekanini yana bir bor eslatib o‘tdi.
Mutaxassisga ko‘ra, Coca-Cola tarkibidagi yuqori miqdordagi shakar va fosfor kislotasi organizmda kaltsiy darajasini oshirib, buyrakda toshlarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Ushbu toshlar siydik yo‘llarida yig‘ilib, og‘riq, qonli siydik va hatto hayot uchun xavfli holatlarga, masalan, buyrak yetishmovchiligi yoki sepsisga sabab bo‘lishi mumkin.
Doktor Andrade: “Kundalik suyuqlik iste’molini nazorat qilish va gazli ichimliklardan voz kechish buyrak salomatligini saqlashda asosiy qadamdir,” — deb ta’kidladi. Tibbiyot mutaxassislariga ko‘ra, ko‘pincha buyrak toshlari kichik bo‘lsa ham o‘z-o‘zidan chiqib ketadi, ammo katta toshlar faqat operatsiya yo'li bilan olib tashlanadi.







